6 iyun kuni O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston Islom Respublikasi poytaxtida o‘tkazilgan «Kobul jarayoni» xalqaro uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha missiyasi yordamida Afg‘oniston Islom Respublikasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda 20 dan ortiq davlatlar, jumladan qo‘shni mamlakatlar delegatsiyalari ishtirokida Afg‘oniston, mintaqa va jahondagi xavfsizlik va terrorizm tahdidi muammolari hamda Afg‘onistondagi kurashayotgan tomonlarni murosaga keltirish masalalari muhokama qilindi.

Konferensiyada Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani va Afg‘oniston Hukumati Ijrochi Raisi Abdulla Abdulla nutq so‘zladi.

6−7iyun kunlari Kobul shahrida O‘zbekiston delegatsiyasini Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani qabul qildi, Afg‘oniston Prezidentining infratuzilmalar, kadrlar resurslari va texnologiyalar bo‘yicha katta maslahatchisi Humoyun Qayumiy, Afg‘oniston Prezidentining qishloq xo‘jaligi va rivojlanish masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Abdul Hamid Helmondiy, Afg‘oniston Prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muhammad Hanif Atmar, Afg‘oniston Prezidentining MDH mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha maxsus vakili Shokir Korgar, Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Hikmat Xalil Karzay, shuningdek Jamoat ishlari, Sog‘liqni saqlash, Energetika va suv resurslari, Transport va fuqaro aviatsiyasi vazirliklarining rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Forum davomida Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ahmet Yildiz bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va unda tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Tashrif doirasida Afg‘oniston Islom Respublikasining turli vazirlik va idoralari vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda savdo-iqtisodiy hamkorlikning ayrim masalalari muhokama qilindi.