Ob-havo haroratining keskin ko‘tarilishi natijasida Toshkent viloyatining yuqori tog‘li hududlaridagi mavjud qor qatlamlarining jadal erishi tufayli Chirchiq daryosining suv sarfi ko‘payib daryo qirg‘oqlarini yemirilishiga olib kelishi aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati O‘zgidromet ma’lumotlariga tayangan holda xabar qildi.

Mutaxassislar Chirchiq daryosining jami 11 ta uchastkada: Yuqorichirchiq tumanida — 4 ta, Qibrayda — 2 ta, Quyichirchiqda — 3 ta va Yangiyo‘lda — 2 ta qirg‘oqlarning yemirish holatlari hamda suv bosish xavfi yuqoriligini ta’kidlamoqda. Mazkur hududda jami 254 ta xo‘jalik (1615 nafar fuqaro), 23 ta dala hovli va 80 ga ekin yer maydonlari mavjud.

Ehtimoliy favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish uchun O‘zbekiston Bosh vaziri — Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 31 maydagi «Toshkent viloyati hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining o‘zanida va qirg‘oqlarida kechiktirib bo‘lmaydigan muhandislik-texnik va boshqa himoya ishlarni tashkil etish to‘g‘risida"gi 3 sonli buyrug‘i tasdiqlandi.

FVV, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zgidromet, Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazi, Ergeodezkadastr davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi mas’ul xodimlaridan iborat 6 ta guruh tashkil etilgan.

Toshkent viloyati hokimligida FVV, Toshkent viloyati IIBB mas’ul xodimlari, tegishli vazirlik va idora vakillaridan iborat tezkor shtab tashkil etilgan.

Chirchiq daryosi qirg‘oqlarida 7 iyun holatiga ko‘ra jami bo‘lib, 3230 metr kub harsang tosh, 480 metr kub beton, 1760 metr kub tosh-shag‘al ishlari bajarildi.

Chirchiq daryosi yaqinidagi hududlarda mavsum davomida suv sathining ko‘tarilishi natijasida qirg‘oq yaqinidagi binolarning zarar ko‘rishi hamda insonlar hayotiga xavf tug‘dirishi mumkinligini inobatga olgan holda FVV Chirchiq daryosi qirg‘oq muhofaza zonasida xavfsizlik qoidalariga rioya qilishingizni so‘raydi.

Fuqarolar qirg‘oqlarga suv toshishi bilan bog‘liq hodisalar bo‘yicha savol va muammolar yuzasidan 233 43−56, 234 87−20 va (+99895) 198 57−02 telefonlariga murojaat qilishi mumkin.