O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Timur Ishmetov Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda MB matbuot xizmati xabar qildi.

Bunga qadar raisning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Saidkamol Xodjayev Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Rais o‘rinbosarlari Shoxrux Shoaxmedov va Sherzod Xadjimuratov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimlaridan ozod qilindi.

Timur Ishmetov 1979 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent moliya institutini, 2005 yilda Birmingem universitetining International Money and Banking yo‘nalishida magistratura bosqichini, 2007 yilda —Toshkent yuridik universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2000 yilda Markaziy bank iqtisodchisi lavozimidan boshlagan. 2017 yil apreligacha turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi. Jumladan, turli vaqtlarda MBning Monetar operatsiyalar departamenti, Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti, Ichki valyuta bozoridagi operatsiyalar va Valyuta boshqaruvi va nazorati departamentiga rahbarlik qildi.

Avvalroq Mamarizo Nurmuratov Markaziy bank rahbarligiga tayinlandi. U shu vaqtgacha Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.