O‘zbekiston Prezidentining tavsiyasi bilan Oliy Majlis Senati 6 iyun kuni Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Mamarizo Nurmuratovni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi raisi etib tayinladi.

MB matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Mamarizo Nurmuratov (1960 yilda tug‘ilgan) — Toshkent xalq xo‘jaligi instituti va Leningrad iqtisodiyot-moliya institutini tamomlagan.

1982−1985 yillarda Toshkent Xalq xo‘jaligi institutida o‘qituvchilik qilgan. 1985−1988 yillarda Moskva Moliya instituti aspiranturasida tahsil olgan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi.

1989−1993 yillarda Toshkent xalq xo‘jaligi instituti va Moliya institutlarida dotsent bo‘lib ishlagan.

1993 yildan boshlab Markaziy bank tizimida faoliyat ko‘rsata boshlagan: Markaziy bankda Ilmiy tadqiqotlar markazi boshlig‘i, Boshqaruv raisining o‘rinbosari, Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2000−2004 yillarda O‘zbekiston moliya vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. 2004−2006 yillarda Samarqand viloyatiga rahbarlik qilgan. 2006−2017 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki raisining maslahatchisi bo‘lib ishlagan.