Bahodir Ataxanov O‘zbekiston Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazining bosh direktori etib tayinlandi.

O‘zbekiston Prezidenti 6 iyun kuni shu haqdagi qarorni imzoladi, deb xabar qildi Hukumat portali.

Bahodir Ataxanov — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi, MBA darajasi sohibi. 2013—2017 yillarda ham u Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazini boshqargan edi. 2017 yil fevralidan esa sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishladi.

Markazni shu kungacha boshqarib kelgan Bahrom Shakirov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan ushbu lavozimdan ozod qilindi.