BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Markaziy Osiyo mamlakatlari — Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bo‘ylab safarga otlanmoqda, deb xabar qildi BMT Yangiliklar markazi.

8−9 iyun kunlari xalqaro tashkilot rahbari Ostonada Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuv o‘tkazib, Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida nutq so‘zlaydi.

10 iyun kuni BMT bosh kotibi Samarqandga tashrif buyurib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashadi. Kunning ikkinchi yarmida BMT rahbari Qoraqalpog‘istonga otlanib, Orolbo‘yi hududiga tashrif buyuradi.

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Antoniu Guterrish vertolyotda Orol dengizi akvatoriyasi bo‘ylab parvoz qiladi. Eslatib o‘tamiz, 2010 yilda o‘sha vaqtda bosh vazir lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Shavkat Mirziyoyev hamrohligida BMTning sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun ham Orolni havodan kuzatgan edi.

11 iyun kuni BMT rahbari Bishkekka borib, Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev bilan uchrashadi. Shundan so‘ng 2010 yilgi iyun hodisalariga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etish uchun O‘shga tashrif buyuradi.

12 iyunda Antoniu Guterrish Tojikistonga, 13 iyunda esa Turkmanistonga tashrif buyurib, ikki davlat rahbarlari bilan uchrashishni rejalashtirgan. Dushanbeda u barqaror rivojlanish bo‘yicha anjumanda so‘zga chiqsa, Ashxobodda Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi kurash strategiyasini amalga oshirishga bag‘ishlangan yuqori darajadagi muloqotda qatnashadi.