Poytaxtdagi Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji direktori Lutfi Yusupova o‘quv muassasasini o‘z tizimiga olgan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i bilan lavozimidan ozod qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, rahbar bilan birgalikda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Hilola Bo‘rixo‘jayeva va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Vazira Hasanova ham vazifasidan chetlatildi.

3 may kuni kollejning 2-bosqich talabasi 1999 yilda tug‘ilgan Jasurbek Ibragimov tan jarohati olib, Toshkent shahar 2-son bolalar jarrohlik shifoxonasiga yotqizilgan va olgan tan jarohatlari natijasida 1 iyun kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida vafot etgan.

Mirobod tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishi 4 iyun kuni Toshkent shahar prokuraturasi ish yurituviga qabul qilingan. To‘plangan dalillar majmui asosida Islom To‘laganov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilindi va unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Boshqa shaxslarning hodisaga aloqadorligini aniqlash ishlari olib borilmoqda. Dastlabki tergov jarayonida o‘qituvchilar va tibbiy xodimlarning harakatlariga ham huquqiy baho beriladi.