Rustam Azimov O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi, deb xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi. Vazirlar Mahkamasida u Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish kompleksiga rahbarlik qilib kelayotgan edi.

Tahririyatda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Rustam Azimov «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasiga rahbarlik qiladi.

2005 yildan moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Jamshid Qo‘chqorov bosh vazirning yangi o‘rinbosari bo‘ldi.

Rustam Azimov (1958 yilda tug‘ilgan) ko‘p yillar davomida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — moliya vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. O‘tgan yilning dekabrida u moliya vaziri lavozimidan ozod etilib, bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

Jamshid Qo‘chqorov (1964 yilda tug‘ilgan) moliya vaziri o‘rinbosarligiga tayinlangunga qadar Markaziy bank raisi o‘rinbosari (1996−1997) va moliya vaziri o‘rinbosari — Moliya vazirligi Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i (1997−2005) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.