Borovskiy nomidagi Toshkent shahar tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibragimovning o‘limi bo‘yicha jinoiy ishni tergov qilish jarayoni O‘zbekiston bosh prokurori Ixtiyor Abdullayevning shaxsiy nazorati ostiga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Avval xabar qilinganidek, 3 may kuni kollejning 2-bosqich talabasi 1999 yilda tug‘ilgan Jasurbek Ibragimov tan jarohati olib, Toshkent shahar 2-son bolalar jarrohlik shifoxonasiga yotqizilgan va olgan tan jarohatlari natijasida 1 iyun kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida vafot etgan.

Holat yuzasidan Mirobod tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishi 4 iyun kuni Toshkent shahar prokuraturasi ish yurituviga qabul qilingan. To‘plangan dalillar majmui asosida Islom To‘laganov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilindi va unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Hozirda jinoyatga aloqador shaxslar doirasini aniqlash yuzasidan tegishli tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.