Poytaxtdagi Borovskiy tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibragimovga og‘ir tan jarohati yetkazishda gumon qilinayotgan Islombek To‘laganovning ota-onasi o‘g‘lining aybini inkor etmasliklarini, ish qonun doirasida ko‘rib chiqilishini xohlashini ma’lum qilishdi. Abdujalil Rasulov va Zumrat Mambetova yakshanba kuni Toshkentning Mirobod tuman IIBda bo‘lib o‘tgan brifingda jurnalistlar oldida chiqish qildi.

3 may kuni bo‘lib o‘tgan janjaldan so‘ng besh marotaba jarrohlik stoliga yotqizilgan 17 yoshli Jasurbek Ibragimov 1 iyunda vafot etdi. Hodisa o‘smir onasining Prezidentga murojaati ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinganidan so‘ng keng jamoatchilikda katta aks-sado berdi. Internet aybdorlarni topish va jazolashga chaqiriqlar bilan to‘ldi. Ko‘plab toshkentliklar marhumning oilasini qo‘llab-quvvatlashga qaror qilib, Do‘stlik bog‘iga yig‘ilishdi va IIV rahbariyati tegishli petitsiyani imzolashda ishtirok etdi.

1998 yildan buyon advokat bo‘lib ishlagan (hozirda nafaqat — tahr.) Abdujalil Rasulov o‘z chiqishida o‘g‘lining aybini inkor etmasligini ma’lum qilar ekan, hodisa yuzasidan muqobil talqinni taqdim etdi. Uning ta’kidlashicha, Jasurbek Ibragimov guruh bo‘lib kaltaklanmagan, o‘g‘li faqatgina bir marta zarba bergan. Islombek To‘laganovning o‘zi, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, bir o‘zi urishgan.

«Biz juda afsusdamiz. Men o‘g‘lim aybsiz emas, deb ayta olmayman», — deya so‘z boshladi Abdujalil Rasulov. 2 may kuni u Islombekni mashg‘ulotlar boshlanadigan 13:30 da darsga olib borib qo‘ygan. Kollej oldida Jasurbek boshqa o‘quvchi Dilshod bilan nima haqdadir gaplashgan. Jasurbek Dilshodning singlisiga xiralik qilganini bilgan Islombek Dilshodga: «Dilshod aka, kerakmas, uning boshida jarohati bor» degan va ketgan.

Keyingi kuni bo‘lib o‘tgan janjaldan so‘ng otasi videokuzatuv qaydlarini ko‘rishning uddasidan chiqqan. U jurnalistlar bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan o‘z talqinini batafsil so‘zlab berdi.

Islombek To‘laganov ota-onasining ishonch bildirishicha, Jasurbek shifoxonada yotgan vaqti uning ota-onasi bilan aloqada bo‘lib turgan, qo‘ldan kelganicha yordam bergan. Ular Jasurbekka tazyiq o‘tkazishga urinishmaganini ma’lum qilgan. «Biz u bilan bir daqiqacha gaplasha oldik. Hech qanday tahdid bo‘lgani yo‘q. Undan faqatgina salomatligini va nima bo‘lganini so‘ray oldik», — dedi Abdujalil Rasulov.

Islombekning hozir qayerda ekani to‘g‘risidagi savolga javob berar ekan, ota-onasi uning Toshkentdaligi va ahvoli og‘irligini ma’lum qilishdi.

Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayevning xabar berishicha, Jasurbek Ibragimovning o‘limi to‘g‘risida 1 iyundagi ma’lumotnomada qorin qismidagi jarohat, o‘n ikki barmoqli ichakdagi ko‘p sonli jarohatlar, o‘ng buyrakdagi jarohat, o‘tkir jarohatdan keyingi xoletsistit, pankreonekroz va peritonit o‘choqlari haqida so‘z ketadi.

Islombek To‘laganov jarohatlari to‘g‘risidagi tibbiy xulosada o‘ng bilakning asosiy suyagida yopiq sinish va chap yuzi yumshoq to‘qimalari zararlanishi ham keltirilgan.

Hodisa yuzasidan tergovgacha tekshiruvlar «102» xizmatiga murojaat kelib tushgan 3 may kunidayoq boshlangan edi, deb xabar berdi Doniyor Toshxo‘jayev. Jinoiy ish 31 mayda qo‘zg‘atildi. «Dastlab Jasurbek beton ariqqa qulab tushganini aytgan edi. Uning o‘rtacha og‘irlikda jarohatlangani to‘g‘risida ma’lumotnoma mavjud. Tergov organi tibbiy xulosa yoki ma’lumotnomaga tayanadi, chunki biz bu sohada mutaxassis emasmiz», — deya oydinlik kiritdi IIBB boshlig‘i o‘rinbosari.

Ayni vaqtda kollej o‘quvchilaridan O‘lmas (ikkinchi bosqich), Timur (uchinchi), Hurmat (uchinchi) va yana bir Timur (ikkinchi) va Bekzodning (ikkinchi) hodisaga aloqadorligini aniqlash ishlari olib borilmoqda. Dastlabki tergov jarayonida o‘qituvchilar va tibbiy xodimlarning harakatlariga ham huquqiy baho beriladi.

Mirobod tuman IIB binosiga kirishda ichki ishlar xodimlaridan biri IIVga murojaat imzolangan qog‘ozlarni tashkilotchilardan olib qolgan. «102"ga qilingan qo‘ng‘iroqdan so‘ng imzolar qaytarib berildi, deb ma’lum qildi tashkilotchilar vakili Tamilla Artikova. Tuman IIBdan mazkur hodisa tekshirilishi aytildi.