O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘aniga hamdardlik maktubi yo‘llab, unda Kobul shahridagi dafn marosimi chog‘ida sodir etilgan bir nechta portlashlar oqibatida ko‘plab begunoh insonlarning nobud bo‘lgani haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qilganini bildirdi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari hamdardlik maktubida marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya va hamdardlik izhor etdi. Jarohat olganlarning tez muddatlarda sog‘ayib ketishini tiladi.

3 iyun shanba kuni Kobuldagi qabristonda Afg‘oniston parlamenti yuqori palatasi a’zosi Salim Izadiarning Kobuldagi namoyishlar vaqtida halok bo‘lgan o‘g‘lining dafn marosimi vaqtida bir necha marotaba portlash sodir etildi. Natijada 18 kishi halok bo‘ldi, 12 kishi jarohatlandi.