Prezidentning 1 iyundagi farmoni bilan Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi tashkil etildi.

Farmon veterinariya sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, hayvonlarning sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha samarali ishlarni tashkil etish, davlat veterinariya nazoratini kuchaytirish va veterinariya servis sifatini oshirish, epizootik barqarorlikni va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan, hayvonlardan olinadigan raqobatdosh mahsulot va xomashyo ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, veterinariya xizmati tizimini yanada rivojlantirish maqsadida qabul qilindi.

Farmon va davlat rahbarining xuddi shu kuni qabul qilingan qaroriga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, davlat veterinariya xizmati sohasida ishlarning umumiy holati mamlakatimizning jadal sur’atlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlaridan va hozirgi zamonning hayvonlar sog‘lig‘i profilaktikasi hamda o‘z vaqtida va sifatli davolashni ta’minlashga qaratilgan zamonaviy talablardan sezilarli darajada ortda qolmoqda.

Tarmoqda yagona vertikal boshqaruv tizimi yaratilmagan, uning moddiy-texnika bazasi ma’naviy va jismoniy jihatdan eskirgan. Hayvonlar kasalliklarini profilaktika qilish va davolashga ilmiy ishlanmalar va zamonaviy veterinariya dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, innovatsion usullarni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmayapti.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tasarrufidagi Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti Davlat veterinariya qo‘mitasi tizimiga o‘tkazildi.

Respublika davlat veterinariya laboratoriyasi, Hayvonlarning o‘ta xavfli kasalliklari davlat laboratoriyasi va Parranda kasalliklari bo‘yicha davlat veterinariya laboratoriyasi tugatilib, ularning negizida Respublika hayvonlar kasalliklari diagnostikasi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markazi tashkil etildi.

Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning sifatini nazorat qilish davlat laboratoriyasi Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalari sifati va muomalasi nazorati bo‘yicha davlat ilmiy markaziga aylantirildi.

Prezident qarori bilan 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat veterinariya xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.