4 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Bosh vaziri Tereza Meyga London shahridagi terrorchilik hujumi oqibatida insonlarning qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

«Biz hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydigan bunday g‘ayriinsoniy va shafqatsiz harakatni qattiq qoralaymiz hamda xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda mazkur jiddiy tahdidga qarshi murosasiz kurashni davom ettirishga tayyormiz», — deyilgan O‘zbekiston Prezidentining hamdardlik maktubida.

Davlat rahbari «halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik va dalda so‘zlarini yetkazib qo‘yishni so‘radi hamda jarohat olganlarga tez fursatlarda sog‘ayib ketishlarini tiladi».

Yakshanbaga o‘tar kechasi uch nafar erkak mikroavtobusda London ko‘prigida yo‘lovchi ustiga bostirib borishi natijasida 7 kishi halok bo‘ldi, 48 kishi jarohatlandi. Uch erkak hodisa jarayonida politsiya tomonidan otib o‘ldirildi.