2 iyun kuni Bakuleva nomidagi Rossiya yurak qon-tomir jarrohligi Ilmiy-amaliy markazi direktori akademik Leo Bokeriya O‘zbekistonga yetib keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar qildi. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh kardiojarrohi Respublika ixtisoslashgan kardiologiya markazining Xorazm filialiga tashrif buyurdi.

Leo Bakeriya va mahalliy kardiojarrohlar yurak qon-tomir kasalliklarining og‘ir shakllariga chalingan bemorlarni operatsiya qilmoqda. Bu O‘zbekiston mutaxassislari uchun o‘ziga xos master-klass bo‘lmoqda. Shuningdek, kardiojarrohlikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan suhbatlar ham tashkil etilmoqda. Rossiyalik akademik Xorazm viloyatida 4 iyungacha bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentning topshirig‘i bo‘yicha Respublika ixtisoslashgan kardiologiya markazining Xorazm filialida Bakuleva nomidagi yurak qon-tomir jarrohligi Ilmiy-amaliy markazi filiali tashkil etilmoqda. Bugun bu yerda yiliga 100dan ziyod kardiojarrohlik operatsiyalari o‘tkazilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar qilishicha, mintaqaviy filial maqomini olinishi bilan bu ko‘rsatkich 3−4 barobarga ortadi.

Hozirgi kungacha Respublika ixtisoslashgan kardiologiya markazining Xorazm filialida vazni 10 kg gacha bo‘lgan bolalarda kardiojarrohlik operatsiyalari o‘tkazilmayotgan edi. Rossiya ilmiy-amaliy markazi filiali ishga tushishi bilan bir yoshgacha bolalar yuragida ham murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi.