O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifini «Bog‘i Bobur» istirohat bog‘i bilan tanishishdan boshladi, deb xabar qildi O‘zA.

Istirohat bog‘i Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510 yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirilgan. 357 gektar maydonni egallagan bog‘da Bobur Mirzoning ramziy qabri va haykali, «Bobur va jahon madaniyati» muzeyi barpo etilgan.

Davlat rahbari tashabbusi bilan istirohat bog‘ini yanada obod qilish, muzeyni ta’mirlash va faoliyatini kengaytirish rejalashtirilgan.

«Har bir hududga borganda o‘sha yerning tarixini o‘rganish va tiklashga e’tibor qaratmoqdamiz. Bobur Mirzo xalqimizning buyuk farzandi. Adabiyot, ilm, ma’rifat nuqtai nazaridan u hamon yashayapti. Bu maskanni yanada obod qilib, tarbiya o‘chog‘iga aylantirish zarur. O‘zligimizni anglab, buyuk tariximizni yoshlarga tushuntirsak, ilm-ma’rifatni rivojlantirsak, hech qachon kam bo‘lmaymiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident muzey eksponatlari bilan tanishdi. Olimlar va nuroniylar bilan muloqotda bo‘ldi.