10−12 may kunlari O‘zbekistonda rasmiy tashrifбилан bo‘lgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn Prezident Shavkat Mirziyoyevga Toshkentdagi uchrashuv davomida bildirgan «ochiq va samimiy fikr-mulohazalari» uchun minnatdorchilik bildirdi.

Zayd Raad al-Husaynning Prezidentga maktubida shunday yoziladi: «O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalalariga shaxsan e’tibor qaratayotganingiz, jumladan, 2017−2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi qabul qilingani, sud-huquq tizimida islohotlar amalga oshirilayotgani, xorijga viza asosida chiqish tartibini bekor qilish borasidagi sa’y-harakatlar uchun Sizga minnatdorlik bildirmoqchiman».

Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga tashrif buyurgan birinchi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari bo‘ldi. «Mamlakatingizga tashrifim O‘zbekistonda inson huquqlarini har tomonlama ta’minlashdagi muayyan murakkabliklarni anglash, mamlakatingiz hokimiyati, fuqarolik jamiyati, inson huquqlarini himoya qilish milliy muassasasi va xalqaro hamjamiyatga Boshqarmamiz ko‘mak ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan sohalarni belgilab olish imkonini berdi», — deya qayd etdi Oliy komissar.