26−29 may kunlari Termizda Prezident sovrini uchun Al-Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan kurash bo‘yicha xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Xalqaro kurash federatsiyasi «Gazeta.uz"ga.

«Alpomish» stadionida bo‘lib o‘tgan turnirda 50 ga yaqin davlatdan 150 nafardan ziyod kurashchi ishtirok etdi. Bellashuvlar uch vazn toifasi — 73 kg gacha, 90 kg va mutlaq vazn toifalari bo‘yicha o‘tkazildi. Sovrin jamg‘armasi rekord darajadagi 56 ming AQSH dollarini tashkil etdi.

73 kg gacha vazn toifasida Hikmatullo To‘rayev 3000 bosh sovrin— 3000 dollar, Davlat Abrayev ikkinchi o‘rin va 1500 dollar, Suxrob Xudoyberdiyev va Sherbek Ablaqulov bronza medallari hamda 750 dollardan mukofotni qo‘lga kiritdi.

90 kg gacha vazn toifasida oltin medalni Yaxyo Imomov qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Shuhrat Arslonov kumush, Dilshod Choriyev va Kamoliddin Rasulov bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Mutlaq vazn toifasida musobaqa chempionligi va 25 ming dollar sovrin Abdulla Xoliyorovga nasib etdi. Ikkinchi o‘rin va 10 ming dollar rossiyalik Artyom Osipenko, ikkita bronza va 5000 dollardan sovrin Bekmurod Oltiboyev hamda Baxtiyor Mengliqulovga topshirildi.