O‘zbekistonda televizon auditoriyani o‘lchash tizimi joriy etiladi. Bu haqda 29 may kuni Toshkentda Milliy mediakengash taqdimotida e’lon qilindi.

O‘lchash ishlari O‘zbekistonning 18 ta shahrida aholi o‘rtasida piplmetrlardan foydalanilgan holda ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda (2018−2019 yillar) 400 oila, ikkinchi bosqichda (2020−2022 yillar) — 550 oila tanlab olinib, hisob-kitob ishlari o‘tkaziladi.

Tadqiqot byudjeti 4,27 mln dollarni tashkil etadi. Teleauditoriyani o‘lchash tizimini tashkil etish bo‘yicha tenderda Kantar TNS g‘olib bo‘ldi (tanlov ishtirokchilari o‘rtasida GFK, Nielsen va Atmosphere Group ham bor edi).

Asadjon Xo‘jayev.

«Biz O‘zbekistonda zamonaviy va xalqaro tan olingan reytingni aniqlash tizimini joriy etishni xohlaymiz. Reyting qandaydir butun boshli kanal emas, balki alohida ko‘rsatuvlar bo‘yicha olib boriladi. Shunday qilib biz teledasturlar reytingini yuritamiz», — dedi Milliy mediakengash kuzatuv kengashi raisi o‘rinbosari Asadjon Xo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda milliy va xalqaro reklama kompaniyalari kiritilgan mablag‘lar samaradorligi bo‘yicha yetarli darajadagi tahliliy ma’lumotlarsiz O‘zbekiston televizion bozoriga mablag‘ kiritmoqda. Yangi tizim esa bozorni yanada shaffoflashtirib, reklama beruvchilar uchun qiziqarli bo‘lgan «tomoshabinbop» telekanallarni aniqlab olishga yordam beradi.

O‘zbekistonda televizion reklama bozori 22 mln dollarga baholanib, reklama xarajatlarining aholi jon boshiga nisbatan ulushi bor-yo‘g‘i 0,5−0,7 dollarni tashkil etadi. Mamlakatda dunyoning 20 ta yirik reklama beruvchilaridan 6 tasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Solishtirish uchun: ular soni Rossiya va Qozog‘istonda 16 ta, Ukrainada — 12 ta.

Reklama beruvchilarning O‘zbekiston televideniyesiga qiziqish bildirmasligiga sabablardan — kontent sifati va qonunchilikdagi cheklovlar. Qonun bo‘yicha reklama uchun ajratilgan vaqt efir soatining 6 daqiqasidan oshmasligi kerak. Aqshda bu 16 daqiqadan oshmasligi kerak bo‘lsa, Xitoyda — 12, Qozog‘iston, Rossiya va Yevropa mamlakatlarida — 9 daqiqani tashkil etadi. Auditoriyani o‘lchash, ya’ni reyting tizimining mavjud emasligi ham telereklama bozorining o‘sishiga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 40 dan ziyod telekanal, jumladan Milliy teleradiokompaniya tarkibida 15 ta, 13 ta hududiy va 15 ta xususiy telekanal faoliyat ko‘rsatmoqda.