Qarshida Abdulla Oripov nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan ixtisoslashgan maktab-internat ochiladi. 24 may kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi shu haqda qarorini qabul qildi, deya xabar berdi Norma.uz.

Maktab-internati 2017—2018 o‘quv yilida 5−8-sinflarga 30 nafar o‘quvchi qabul qiladi. 2018—2019 o‘quv yilidan xuddi shuncha nafar o‘quvchi faqatgina 5-sinfga qabul qilinadi.

Yangi ta’lim muassasasi ehtiyojlari uchun «Barkamol avlod» markazi binosi rekonstruksiya qilinib, yotoqxona va oshxona quriladi.

Xalq ta’limi vazirligi Davlat test markazi bilan hamkorlikda maktab-internatiga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish uchun o‘zbek va xorijiy tildan hamda psixologik-pedagogik diagnostika test sinovlarini o‘tkazadi.