29 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy mamlakatlariga tashriflari davomida hamda Turkiya rahbari bilan o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlari yakunlari bo‘yicha imzolangan bitimlar, shartnomalar va muayyan sohalarda o‘zaro sheriklikni rivojlantirishga doir loyihalarni amalga oshirish jarayonining holatini tahlil qilish va baholashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zA.

Har bir tashrif yakunida bitim va shartnomalar qatorida qiymati bir necha milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan ko‘plab loyihalar imzolandi. Har bir loyiha bo‘yicha «yo‘l xaritalari» tasdiqlanib, ularning bosqichlari, ijro mexanizmlari va mas’ul shaxslar belgilab olindi. Davlat rahbari ayrim rahbar xodimlar imzolangan hujjatlar ijrosini ta’minlashga eskicha yondashayotganini ta’kidlab o‘tdi. U hozircha aniq natijalar ko‘zga tashlanmayotgani, ijro muddatlari ortga surilayotganini qayd etdi.

Buning sabablaridan biri ishonchli xorijiy sherik va moliya manbalari mavjud bo‘lmagan holda samarasiz loyihalar tayyorlash, amalda foyda bermaydigan hujjatlar imzolash holatlari bilan bog‘liq ekani aytildi. Bunday loyihalarning monitoringini yuritish bo‘yicha tizimli ish olib borilmayapti. O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyalarni jalb etish borasidagi ahvol qoniqarli emas.

Prezident faqat qog‘ozda aks etadigan, amalda hech qanday foyda bermaydigan loyihalar tuzishdek eskicha amaliyotdan butunlay voz kechish, bunday odat va kayfiyat bilan ishlashga mutlaqo chek qo‘yish lozimligiga alohida urg‘u berdi. U tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga chet davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalar va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida maqsadli investitsion strategiya ishlab chiqish vazifasini topshirdi.

Ushbu tizimni takomillashtirish maqsadida mas’ul ijrochilarning har haftada bir marta Vazirlar Mahkamasida va har oyda bir marta Prezident huzurida xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan joriy va ishlab chiqilishi ko‘zda tutilayotgan yangi investitsion loyihalar yuzasidan hisobot berish tartibi o‘rnatiladi.

Loyihalarning o‘z vaqtida moliyalashtirilishi, mutasaddilarning ijro intizomi, mas’ul shaxslarning mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishini nazorat qilish Hisob palatasi va Bosh prokuratura zimmasiga yuklandi.

Yig‘ilishda dabdabali raqamlar va balandparvoz hisobotlar ortidan quvish emas, yangicha samarali usul va mexanizmlarni tatbiq etish, ahvolni qisqa muddatda sinchiklab o‘rganib chiqish va zarur chora-tadbirlar belgilash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.