Umidjon A’lamov O‘zbekiston Prezidentining 26 maydagi qarori bilan «O‘zarxiv» agentligi bosh direktori etib tayinlandi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga hukumatdagi axborot manbasi xabar berdi.

Umidjon A’lamov bunga qadar — 2015 yildan — axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

1975 yilda tug‘ilgan, Toshkent elektrotexnika institutini tamomlagan. 1996 yildan 2003 yilgacha Ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazida muhandis va bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

2003—2006 yillarda Umidjon A’lamov O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining hamkorlikdagi «Raqamli taraqqiyot tashabbusi» loyihasida menejer bo‘lib ishlagan. 2006 yilda Huawei Technologies telekommunikatsiya kompaniyasida ham menejer bo‘lgan.

2007 yilda O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligida bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan.