Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti etib qayta tashkil etildi. Bu O‘zbekiston Prezidentining 24 maydagi қароридакўзда tutilgan.

Yangi OTM respublika bo‘ylab irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash sohasida muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash, shuningdek ilmiy-pedagogik kadrlar va mutaxassislar malakasi oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha asosiy o‘quv yurti bo‘ladi.

2017—2018 o‘quv yili boshidan Toshkent davlat agrar universitetining (TDAU) «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash», «Qishloq xo‘jaligini elektrlashtirish va avtomatlashtirish» yo‘nalishlarining 1−3-bosqich bakalavr hamda mazkur yo‘nalishlar magistratura talabalari yangi OTMda tahsilni davom ettiradi. TDAU mazkur yo‘nalishlar bo‘ylab mutaxassislar tayyorlashni to‘xtatadi.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti boshqaruviga o‘tkazildi.

Hujjatga muvofiq, bosh vazir o‘rinbosari — qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoyir Mirzayevga qishloq va suv xo‘jaligi uchun kadrlarni tayyorlovchi OTMlar ustidan umumiy rahbarlik qilish vazifasi topshirildi.