27 may kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 10-yalpi majlisida O‘zbekistonning Belgiya, Hindiston va Koreya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalarining yangi rahbarlarini tasdiqlandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilyor Hakimov O‘zbekistonning Belgiyadagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. U vazir o‘rinbosari lavozimida 2014 yilning sentyabridan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Senat muqaddam O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi maslahatchisi bo‘lib ishlagan Farhod Arziyevni O‘zbekistonning Hindistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinladi.

Yalpi majlisda Vitaliy Fen O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi etib tasdiqlandi. Vitaliy Fen 1995−2013 yillari O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi muvaqqat ishlari vakili, keyinchalik O‘zbekiston elchisi sifatida ishlagan.