Toshkentda Humo Arena nomini olgan ko‘p tarmoqli muz kompleksi 2018 yilning uchinchi choragida foydalanishga topshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 11 maydagi qarorida (PDF) so‘z boradi.

Hujjatga muvofiq, Singapurning Enter Engineering kompaniyasi muz kompleksini qurish bo‘yicha bosh pudratchi etib belgilandi. Janubiy Koreyaning Heerim Architects & Planners kompaniyasi esa bosh loyiha tashkiloti hisoblanadi.

Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalari kesishmasida 14 ming o‘ringa ega muz kompleksi qurilishi fevral oyida boshlangan edi. Bu yerda qishki sport turlari (xokkey, short-trek, figurali uchish va kyorling) bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish, konsert, ko‘rgazma va forumlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Enter Engineering guruhi turi murakkablikdagi sanoat va texnologik ob’ektlarni qurishga ixtisoslashgan bo‘lib, Rossiyaning «Gazprombank"i uning aksiyadorlaridan hisoblanadi, deyiladi kompaniya saytida.