Oliy Majlis Senati shanba kuni bo‘lib o‘tgan yalpi yig‘ilishda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida"gi qonunni tasdiqladi.

Qonunda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra Oliy Majlis Senati ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axborotini, tashqi ishlar vazirining o‘z faoliyati haqidagi axborotini yiliga ikki marta eshitadi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotini Oliy Majlis palatalarining tegishli qo‘mitalarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqqan holda yiliga ikki marta eshitadi.

Qonunda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bundan buyon O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga hisobot berishi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidentining taqdimiga binoan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisini tayinlash hamda uni lavozimidan ozod etishni, shuningdek Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining hisobotini eshitishni Oliy Majlis Senatining vakolatlaridan chiqarish nazarda tutilmoqda.