Texnika fanlari doktori, professor Majit Karimov Davlat test markaziga rahbar bo‘ldi. 2014 yildan buyon mazkur lavozimda Jahongir Ismoilov faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Bu haqda markaz matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Majit Karimov turli yillarda Toshkent davlat texnika universiteti kompyuter texnologiyalari fakulteti dekani, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti prorektori va rektori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

2016 yil avgustida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va sport masalalari kompleksi rahbari etib tayinlandi.

2016 yil sentyabridan oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishladi.