2017—2019 yillarda Yevropa, Afrika, Osiyo va MDH davlatlaridan sayyohlarni jalb etish uchun Buxoro va Buxoro viloyati turizm salohiyatini jadal rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati e’lon qilgan O‘zbekiston Prezidentining 19 maydagi tegishli qarorida so‘z boradi.

Buxoro va Buxoro viloyatida yangi mehmonxonalar, madaniy-sog‘lomlashtirish va savdo-ko‘ngilochar markazlar hamda boshqa sayyohlik infratuzilmalari ob’ektlarini qurish, turizmni rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni yaratish rejalashtirilgan.

Umumiy ovqatlanish tizimi takomillashtirilib, sayyohliklarning kechki vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun sharoitlar yaratish belgilangan. Jumladan, restoranlar quriladi, madaniy yodgorlik ob’ektlari hududida teatrlashtirilgan milliy konsert dasturlari, milliy an’ana va urf-odatlar namoyishlari o‘tkaziladi.

Transport xizmatlarini ko‘rsatish darajasini yaxshilash, avia va temir yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish, aviareyslar va «Afrosiyob» poyezdlari reyslari sonini oshirish rejalashtirilgan. Sayyohlik ob’ektlariga olib boruvchi avtomobil yo‘llari qurilib, rekonstruksiya qilinadi.

Buxoro markazida ixtisoslashgan suvenir va sovg‘alar do‘konlari tarmog‘i joylashtirilgan yangi «savdo-sotiq» ko‘chasi paydo bo‘ladi. Turizm infratuzilmalari ob’ektlariga bankomat va terminallar o‘rnatiladi, sayyohlar ommaviy to‘planadigan joylarda valyuta almashtirish punktlari va Wi-Fi zonalari tashkil etiladi.

Shofirkon tumanidagi «Og‘utma» ko‘li atrofida sayyohlik infratuzilmalarini yaxshilash, «Jayron» ekologik markazi «Tashrif markazi"ni kapital ta’mirlash hamda uning atrofida zoologik bog‘ tashkil etish rejalashtirilgan. Peshko‘ tumanidagi «Qoraqir» ko‘lida ov, plyaj va sport turizmi bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoitlar yaratiladi. «Afshona» muzeyi atrofidagi hududlarni obodonlashtirish va ixtisoslashgan davolash uylarini qurish kutilmoqda.

«Ark» majmuasini to‘liq restavratsiya qilish bo‘yicha «ortga surib bo‘lmaydigan» choralar ko‘riladi. Ichki hovlining vayron bo‘lgan qismini qayta tiklash (tozalash) ishlari 2021 yilga qadar yakunlanishi lozim.

Buxoro shahrining tarixiy qismini rejalashtirish va moddiy madaniy yodgorlik ob’ektlarini restavratsiya qilish ishlariga Yevropa mamlakatlarining yetakchi ekspert-maslahatchilar jalb qilinadi. Buxoro viloyatidagi maxsus muhofaza ostiga olingan tarixiy madaniy hududlarda qurilish va ta’mirlash-qayta tiklash ishlarida ular arxitekturasiga aralashuv eng kam darajada amalga oshiriladi.

Buxoro brendi ishlab chiqiladi, 2017—2019 yillarda reklama kampaniyasi «Muqaddas Buxoro — Islom madaniyati o‘chog‘i» shiori ostida olib boriladi.

Yuqorida sanab o‘tilgan chora-tadbirlar hisobiga 2017—2021 yillarda sayyohlik xizmatlari hajmini 2,1 barobarga, sayyohlar sonini esa 1,9 barobarga oshirish rejalashtirilgan.