Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi Ekspert komissiyasi O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish tavsiya etilmaydigan kompyuter o‘yinlari ro‘yxatini tasdiqladi, deb xabar qildi Intellektual mulk agentligi matbuot xizmati.

Ro‘yxatga GTA: San Andreas, Mass Effect, Assasin’s Creed: Brotherhood, Fallout: New Vegas, Dead Space, Call of Duty: Black Ops, Mortal Kombat X, The Sims 3, 4 va boshqa o‘yinlar kiritilgan (PDF).

Xabarda qayd etilishicha, litsenziat EHM uchun yaratilgan dasturlarni takrorlash, sotish va prokatga berish faoliyatini amalga oshirishda mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga majburiy rioya qilinishini hamda zo‘ravonlikni, pornografiyani, mamlakat xavfsizligi va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni, fuqarolar tinchligini, millatlararo va dinlararo totuvlikni buzishni, O‘zbekiston to‘g‘risida noto‘g‘ri axborotlar tarqatilishini hamda uning tarixiy, madaniy va ma’naviy boyliklari buzib ko‘rsatilishini targ‘ib qiluvchi EHM uchun yaratilgan dasturlarni sotishga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlashi belgilab qo‘yilgan.