Toshkent islom universitetida islom sivilizatsiyasini o‘rganish bo‘yicha ISESCO (Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti) maxsus kafedrasi ochiladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev avvalroq 2016 yil oktyabrida Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida ushbu tashabbus bilan chiqqan edi.

OTM ma’muriyatidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, 22−25 may kunlari Toshkent islom universiteti delegatsiyasining Marokashning Rabot shahrida joylashgan ISESCO Bosh boshqarmasiga tashrifi bo‘lib o‘tdi. ISESCO va Toshkent islom universiteti o‘rtasida Islom sivilizatsiyasini o‘rganish bo‘yicha tashkilot kafedrasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Kafedra tuzilmaviy tarkibi, o‘quv fanlari va ilmiy faoliyat vazifalari aniqlab olindi.

ISESCO kafedrasini tashkil etishdan maqsad musulmon dunyosida ta’lim, fan va madaniyat tarixi va hozirgi holatini o‘rganishdan iborat.