O‘zbekiston va Turkiya 2 mlrd dollardan ziyodroq qiymatdagi loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvlarni imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov payshanba kuni savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi to‘rtinchi yig‘ilishi va o‘zbek-turk biznes forumi yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki tomonlama hujjatlar sayyohlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish va bank sohalarini qamrab oladi.

2016 yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,2 mlrd dollarni tashkil etib, ularning qariyb 709 mln dollari O‘zbekistonning Turkiyaga eksportiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilda mazkur ko‘rsatkichning 1,4 mlrd dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan. «Ushbu raqamlar jami aholisi 110 million kishini tashkil etuvchi ikki davlat salohiyatiga javob bermaydi. Biz muhim nuqtaga yetib keldik, biroq bu yetarli emas. Dunyo iqtisodiyoti mavhum istiqbolga ega sharoitda biz ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashimiz lozim», — deya qayd etdi Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Tug‘rul Turkesh.

Hamkorlikning boshqa muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida turizm sohasi tilga olindi. Turk kompaniyalari bilan O‘zbekistonning tarixiy shaharlarida zamonaviy mehmonxona majmualarini qurish, shuningdek sayyohlik infratuzilmalarini rivojlantirish va soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Turkiya iqtisodiyot vaziri Nixat Zeybekchi o‘zbek hamkasblaridan Turkiya fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirishni so‘radi. «Mamlakatimizda yuz mingdan bir million nafargacha sayyohlar O‘zbekistonga tashrif buyurishni xohlaydi. Madaniy va diniy turizmni rivojlantirish mumkin. Biroq bu yerda viza masalasi juda muhim, — deya qayd etdi vazir. — Shuningdek sizlardan turk haydovchilarining mamlakatingizda erkin harakatlanishini ta’minlashingizni so‘ragan bo‘lardik. O‘z navbatida biz ham o‘zbek haydovchilari uchun xuddi shunday sharoitlarni taqdim etamiz».

Turkiya madaniyat va turizm vaziri Nabi Avji ham xuddi shunday takliflarni o‘rtaga tashladi. U tadbirkorlar va madaniyat sohasi vakillari uchun viza tartibini soddalashtirishga e’tibor qaratdi. «O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi kelishuv 1997 yilda imzolangan edi. Shuncha vaqt o‘tganiga qaramasdan hujjat yangilanmadi va unga qo‘shimchalar kiritilmadi. Xuddi shu yili imzolangan madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv ham yangilanishlarga muhtoj», — dedi u.

«Bu turizmni rivojlantirish bo‘yicha mahkamalar o‘rtasida so‘nggi 13 yil ichidagi ilk yig‘ilish. Biz muntazam ravishda — yilda bir marta amaliy uchrashuvlarni o‘tkazib borishga kelishib oldik. 2018 yilda yig‘ilish Turkiyada bo‘lib o‘tadi. Yil oxirida biz O‘zbekistonda turk investorlari uchun investitsion forum o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Bu ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda katta qadam», — deya xabar qilindi Turkiya Madaniyat va sport vazirligidan «Gazeta.uz"ga.