Jizzax shahrida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilarining «Barkamol avlod—2017» respublika sport musobaqalari boshlandi. Musobaqa 25 maydan 27 mayga qadar davom etadi.

Musobaqalarning final bosqichida 898 nafar sportchi va 236 nafar murabbiy ishtirok etadi. 159 nafar hakamlar hay’ati sportning 17 turi bo‘yicha xizmat qiladi.

Musobaqalarning birinchi kuni «So‘g‘diyona» universal sport majmuasida sportchilar brass, chalqancha, batterflyay, erkin hamda aralash estafeta usullarida suzish bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.

Qizlar o‘rtasida 50 metrga batterflyay usulda suzish bahslarida Paralimpiya-2016 uch karra g‘olibi qashqadaryolik Fotima Amilova marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tib, oltin medal sohibi bo‘ldi. Shu masofaga o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarda andijonlik Zufar Abdulazizov birinchi o‘rinni egalladi.

O‘smirlar va qizlar o‘rtasida 50 metrga chalqancha usulda suzish bahslarida poytaxtlik sportchilar Irina Ushakova va Aleksey Tarasenko shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy oldi.

100 metrga batterflyay usulda suzishda qoraqalpog‘istonlik Marjina O‘razimbetova va poytaxtlik Artyom Kozlyuk eng yaxshi natija qayd etdi.

200 yuz metrga erkin usulda suzish bahslarida andijonlik Shahnoza Sodiqova va Navoiy viloyati vakili Olimjon Odilov g‘olib chiqdi. Qizlar o‘rtasida aralash estafeta musobaqasida Qashqadaryo viloyati, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Toshkent shahri jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Suzish bo‘yicha musobaqalarning birinchi kuni natijalariga ko‘ra, eng ko‘p ochko jamg‘argan Toshkent shahri jamoasi birinchi, andijonliklar ikkinchi, kashqadaryoliklar uchinchi o‘rinni egallashdi. Musobaqalar yakunida g‘oliblarga diplom va sovg‘alar topshirildi.

Musobaqalar to‘rtta ob’ektda o‘tkaziladi. «So‘g‘diyona» universal sport majmuasida boks, badiiy gimnastika, suzish, yengil atletika, Jizzax olimpiya zaxiralari kollejida gandbol, basketbol, badminton, stol tennisi, erkin va yunon-rum kurashlari, dzyudo, taekvondo, og‘ir atletika, tennis, Jizzax politexnika institutida voleybol, futbol, Jizzax politexnika instituti qoshidagi akademik litsey sport zalida shaxmat sport turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tadi.

Sport bayrami ishtirokchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun badiiy-musiqiy kechalar, milliy kino va hujjatli filmlar namoyishi, taniqli shoir, yozuvchi, san’atkor va sportchilar bilan uchrashuvlar, Jizzax shahrining diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar uyushtirish kabi madaniy-ma’rifiy tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.