O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yangi saylangan bosh direktori Tedros Gebreyesus Jenevada Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 70-sessiyasida uchrashdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

52 yoshli Efiopiyaning sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Tedros Gebreyesus 23 may kuni tashkilot sessiyasi doirasida JSST rahbari etib tayinlandi. U o‘z lavozimiga 1 iyuldan kirishadi. U JSSTga rahbarlik qilgan ilk afrikalik bo‘ldi.

Alisher Shodmonov bilan uchrashuv jarayonida Tedros Gebreyesus o‘zi olib borgan saylovoldi kampaniyasida ilgari surgan g‘oyalarining asosiy qismi O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan ustuvor maqsadlar bilan o‘zaro mos kelishini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekiston va JSST o‘rtasida O‘zbekiston manfaatlarini himoya qiluvchi ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga har doim tayyorligini bildirdi.

JSSTning yangi rahbariga mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasining oshirilayotgani, shuningdek, sohada qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar, istiqboldagi rejalar va dasturlar haqida ma’lumot berildi.