O‘zbekiston Mehnat vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi etib qayta tashkil etildi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 23 maydagi «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjat bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish, band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini kuchaytirish maqsadida qabul qilindi.

Farmonda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari, jumladan, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga davlat buyurtmalarini ishlab chiqish, hududiy va tarmoqlar bandlik dasturlarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, kam ta’minlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam o‘z vaqtida to‘lanishi monitoringini amalga oshirish va boshqalar belgilangan.

Farmonda 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalarining birinchi marotaba ishga joylashgan bitiruvchilari, agar ular ta’lim muassasasini tamomlagan kundan boshlab uch yildan ortiq vaqt o‘tmagan bo‘lsa, ishga joylashganidan keyin birinchi yil davomida ish haqidan olinadigan daromadlari bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lovning o‘rnatilgan stavkasini 50 foizga, ularning ikkinchi va uchinchi yil davridagi ish faoliyati bo‘yicha 25 foizga kamaytirish belgilandi. Bu imtiyoz byudjet tashkilotlari, monopolist tashkilotlar, ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga ishga joylashtirilganlarga tatbiq qilinmaydi.

1 yanvardan boshlab nodavlat tashkilotlarga fuqarolarni O‘zbekiston hududida ishga joylashtirish sohasida belgilangan tartibda pullik xizmatlar ko‘rsatish huquqini berish, agar bunday xizmatlar fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bilan bog‘liq bo‘lsa, ushbu faoliyat turi bo‘yicha belgilangan tartibda beriladigan litsenziya asosida xizmat ko‘rsatishga ruxsat berish belgilangan.

Vazirlik qoshida Jamoat ishlari jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Mazkur jamg‘armaning asosiy vazifalari etib, vaqtincha band bo‘lmagan aholini yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda, yo‘l va uy-joy kommunal infratuzilmasini qurish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilishda, shahar va tumanlarni obodonlashtirishda, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarida ishtiroklarini moliyalashtirish belgilangan.

2017−2020 yillarda faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlar uchun ko‘rsatilayotgan mikromoliyalash xizmatlari hajmi va ko‘lamini kengaytirish hamda ulardan foydalanishda qulayliklar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash ko‘zda tutilgan.

Aholiga mikrokreditlar ajratish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida «Mikrokreditbank» ATBning kapital qo‘yilmalari hajmini oshirish ko‘zda tutilgan, shuningdek, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimiga ko‘ra mazkur bank kuzatuv kengashining raisi hisoblanishi belgilandi.

Xuddi shu kuni qabul qilingan yangi vazirlik faoliyati to‘g‘risidagi Prezident qaroriga muvofiq, har oy muddatda ochiq ma’lumotlar portalida, vazirlikning rasmiy saytida va markaziy ommaviy axborot vositalarida mehnat bozoridagi vaziyat va bandlik holati to‘g‘risida ma’lumotlarni, shu jumladan, ish qidirib mehnat organlariga murojaat qilgan hamda ishsizlik bo‘yicha nafaqa olayotgan fuqarolar soni, yaratilgan ish joylari, ro‘yxatga olingan bo‘sh ish o‘rinlari va aholi, ish beruvchilar va investorlar uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni chop etib borish rejalashtirilgan.

Vazirlikka respublikaning mehnat resurslari ko‘p bo‘lgan tuman va shaharlarini aniqlagan holda, ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmalarini ishlab chiqish yuklatildi. Shuningdek, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari investitsiya loyihalari bo‘yicha manzilli ro‘yxatlarni shakllantirish va tasdiqlashda ushbu mehnat resurslari ko‘p bo‘lgan tuman va shaharlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratishlari lozim.

Shu munosabat bilan, qaror bilan mehnat resurslari ko‘p bo‘lgan tumanlarda band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini amalga oshiradigan tayanch kollejlarining ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu kollejlar band bo‘lmagan aholini o‘zlarining asosiy ta’lim berishdan bo‘sh vaqtlarida, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish talablaridan kelib chiqqan holda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislik va yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitadi.

Qaror bilan mehnat organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.