O‘zbekiston Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tuzilmasida Tadbirkorlik asoslarini o‘qitish respublika markazi tashkil etildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

Markaz xususiylashtirilgan korxonalar negizida loyihalarni amalga oshirayotgan tadbirkorlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etadi. Ularga biznesni yuritish va biznes-rejalarni ishlab chiqish asoslari, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonunchilik, menejment, moliyaviy boshqaruv va boshqa yo‘nalishlar o‘qitiladi.

Shuningdek, ilg‘or ichki va xalqaro dasturlar asosida xususiylashtirilgan korxonalarda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni, xususiylashtirilgan korxonalar rahbarlari va ishlab chiqarish-texnik xodimlar malakasini oshiradi.

Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi manzili: Toshkent shahri Chilonzor tumani Islom Karimov ko‘chasi 55-uy.