Prezident Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qarorga imzo chekdi. Bu haqda «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturida xabar qilindi.

Yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, joylardagi hokimliklar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlarning barcha darajadagi rahbarlari zimmasiga qaramog‘idagi ob’ekt va hududlarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklatildi.

Qarorda mutasaddi shaxslar har chorakda qaramog‘idagi ob’ekt va hududlarda yong‘in xavfsizligi holati bo‘yicha tanqidiy tahlillarni amalga oshirishi majburiyligi belgiladi.

Har chorshanba kuni yong‘in profilaktikasi kuni deb belgilandi. Avvalroq esa Prezident taklifi bilan har payshanba kuni jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni deb e’lon qilingan edi.

Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatiga barcha darajadagi hokimlar bilan birgalikda sodir bo‘lgan yirik yong‘inlar sabablarini chuqur va tanqidiy tahlil qilish, ularning sodir bo‘lish sabablarini o‘rganishni tashkil etish vazifasi yuklatildi. Tahlillar natijalari bo‘yicha yong‘inlardan ogohlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlanadi.

Televideniye orqali yong‘inlar bilan bog‘liq hodisalarni yoritish hamda yong‘inlar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tezkor reportajlarni namoyish etish rejalashtirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimiyatlari qoshida yong‘in xavfsizligi komissiyalari tashkil etiladi. Ularning asosiy vazifalari yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, yong‘inlarni keltirish chiqaradigan sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish kabilardan iborat.