Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti joriy yilda abituriyentlarni kirish imtihoniga o‘tkazishni nazorat qilish va boshqarishning biometrik tizimini joriy etadi.

Maxsus dasturiy ta’minot biometrik ma’lumotlarni olib, tahlil qiladi va saqlaydi, deb xabar qildi O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

Tizim abituriyentlarni imtihon o‘tkaziladigan joyga o‘tkazishning identifikatsion mexanizmini o‘zida ifoda etadi. Imtihon topshiruvchilarning barmoq izlari skaneri va biometrik pasport ma’lumotlari bo‘lgan yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Xabarda qayd etilishicha, mazkur tizim nafaqat abituriyentlarni imtihon jarayoniga o‘tkazish ustidan nazoratni soddalashtiradi, balki natijalarni soxtalashtirish, imtihon o‘tkaziluvchi binoga begona shaxslarning noqonuniy ravishda kirishini ham cheklaydi.

Bundan tashqari, joriy yilda abituriyentlardan hujjatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi. Bu qabul komissiyasiga hujjat topshirishda navbatlarning kamayishiga xizmat qiladi.