Toshkent — ajoyib shahar, lekin bu shahar o‘z kuch-g‘ayratini avtomobillarga emas, balki odamlar uchun qulayliklar yaratishga yo‘naltirsa, yanada yaxshiroq bo‘la oladi. Ushbu fikrni daniyalik arxitektor Yan Geyl O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Jahonning ko‘plab shaharlari barcha qulayliklar avtomobillar uchun yaratiladigan, barcha harakatlar shaxsiy transportni ommalashtirishga qaratilgan bosqichdan o‘tib bo‘lgan. Biroq hozir teskari tendensiya kuzatilmoqda. Jahonda shaxsiy avtomobillardan foydalanishning cho‘qqisi yetti yil avval — 2009 yili zabt etib bo‘lingan», — deya ta’kidladi shahar muhitining sifati va jamoat hududlarini loyihalashtirish bo‘yicha jahon tan olgan ekspert.

«Avtomobillar uchun qulay bo‘lgan shaharlarni qurish hozir urfda emas, bu g‘oya eskirib bo‘ldi. Shaharning yangi shiori shunday: ‘Livability, not mobility of cars' (‘Hayot uchun yaroqlilik, avtomobillar harakati uchun sharoit yaratish emas')», — deya qayd etdi Yan Geyl.

U Toshkentda arxitektorlar uchun o‘tkazilgan seminarda aytgan gaplarini takrorladi: «Toshkentda asfalt haddan tashqari ko‘p. Shahringiz avtomobillarga nisbatan juda do‘stona munosabatda. Modomiki, shahar avtomobillarga do‘stona munosabatda bo‘lar ekan, avtomobillar soni unda faqat ko‘payadi. 10 yildan keyingi ahvolni tasavvur qiling: bu — cheksiz tirbandliklar, nafas olib bo‘lmaydigan havo degani; Pekinni yodga oling».

Yan Geyl. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Yan Geylning ta’kidlashicha, Toshkent odamlarga nisbatan ko‘proq do‘stona munosabatda bo‘lmog‘i lozim. Shaharga maqsadi odamlarning turmush sifatini oshirish bo‘lgan yangi rejalashtirish siyosati kerak. «Biz kelajakda Toshkentda qanday bo‘lishini istaymiz? Bizga navbatdagi Los-Anjeles yoki Mumbay kerakmi? Yoki maqsadimiz odamlar uchun qulay shaharlar reytingida peshqadamlik qilayotgan Kopengagen, Melburn, Sidney, Oklend, Vena darajasiga yetishmi? Bu shaharlarda asosiy e’tibor avtomobillardan piyoda sayrlar uchun sharoit yaratish va jamoat transportini rivojlantirish tomon o‘zgargan».

«Avtomobillar odamlarni o‘ziga bo‘ysundirgan emas, balki odamlarning ehtiyojlari uchun xizmat qiladigan, aholiga moslashtirilgan shahar bo‘lish uchun Toshkentda barcha imkoniyatlar bor. Asosiy vazifa — odamlarni baxtiyor qilish, mashinalarni emas», — deb hisoblaydi Yan Geyl.

Eng asosiysi, uning fikricha — hozirda o‘zgarishlar uchun siyosiy irodaning borligidir. «Toshkent hokimligi bizning taklif qilganining o‘ziyoq hukumat odamlar uchun mo‘ljallangan shahar qurish maqsadida ekani va bundan manfaatdorligi belgisidir», — dedi u. «Men Nyu-York, London, Moskvada taklif qilingan maslahatchi sifatida ishlash sharafiga muyassar bo‘lganman. Bu shaharlardagi keskin o‘zgarishlarni ko‘rish kishini quvontiradi. Yaqindan beri Olmaotada ishlayapmiz, u yerda ham bizning g‘oyalarimiz tatbiq etilmoqda», — dedi arxitektor.

Samarqandda sersoya ko‘chalarning ko‘pligi va piyodalar uchun mo‘ljallangan hududlarning mavjudligi Yan Geylni yaxshi ma’noda hayron qoldirgan. Lekin bu yerda ham «ko‘chalar o‘rniga yo‘llar qurilmoqda». Ko‘chalarni toraytirish, yo‘l o‘rtasidagi ajratuvchi to‘siqlarni olib tashlash, avtomobillarning tezligini kamaytirish, odamlarning yo‘llardan o‘tishini osonlashtirish, ko‘proq daraxt ekish bilan shaharni yanada qulay qilishi mumkin.

«Odamlar shaharning bir qismidan boshqasiga, yo‘lning bir tomonidan ikkinchi tomoniga xavfsiz yetib/o‘tib olish imkoniga ega bo‘lishlari muhim ahamiyatga ega. Bu savdo-sotiqning rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va shaharni yanada qulaylashtirib, uning sifatini oshiradi. Shu sababli ham yo‘llar emas, ko‘chalar qurmoq kerak», — deb hisoblaydi Yan Geyl.

Poytaxtdagi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi.

«Bugun Toshkentdagi aksariyat yo‘llar avtomagistrallarga o‘xshaydi, asosiy vazifa esa ularni shahar miqyosiga, odamlarga muvofiqlashtirish bo‘lishi lozim», — deya qayd etdi u.