Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni Ar-Riyodda Arab-musulmon mamlakatlari va AQSH sammiti doirasida qator mamlakatlar rahbarlari bilan uchrashdi. Bu haqda «O‘zbekiston» telekanalida maxsus reportajda ma’lum qilindi.

Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud bilan uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti ushbu nufuzli forumga taklif etgani uchun minnatdorchiligini bildirdi. Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy yurtidan salom va qaynoq tilaklarni bildirishidan mamnunligini qayd etdi.

Podshoh Saudiya Arabistoni O‘zbekiston bilan aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlab, o‘zbek xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.

Shavkat Mirziyoyevning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvida Amerika rahbari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida o‘z fikrini bildirib, ularni yuqori baholadi. O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat munosabatlari hamda siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yangi darajaga ko‘tarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini ta’kidlab o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlud Chovusho‘g‘li va sammitning boshqa ishtirokchilari bilan uchrashib, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.

Mazkur forum ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surish, xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlandi.