Telegram messenjerida botlar uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi. «Endilikda siz botlar yordamida birgina bosish bilan har qanday mahsulot yoki xizmatni sotib olishingiz yoki xohlagan narsangizni sotishingiz mumkin», — deyiladi kompaniya blogida.

Endilikda foydalanuvchi birgina tugmacha yordamida botda xaridni amalga oshirishi mumkin. Birinchi to‘lov vaqtida o‘z kartasi ma’lumotlari va yetkazib berish uchun manzil kiritilishi talab qilinadi. Keyingi xaridlar uchun esa karta ma’lumotlarini takroran kiritish zarur emas. Buning uchun Telegram sozlamalarida ikki omilli himoya funksiyasini yoqish lozim.

To‘lovlarni amalga oshirish xizmati bilan xohlagan bank yoki kompaniya shug‘ullanishi mumkin. Telegram xabarida keltirilishicha, O‘zbekistonda mazkur xizmatlarni Payme kompaniyasi ko‘rsatadi.

«Gazeta.uz» ushbu masalada izoh so‘rab Payme asoschisi Sarvar Ro‘zmetovga murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Telegram orqali to‘lovlarni amalga oshirish hozircha ishga tushgani yo‘q. «Hozirda sinovdan o‘tkazish bosqichidamiz», — dedi Sarvar Ro‘zmetov. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu jarayon tez orada yakuniga yetadi.

Telegram orqali xaridni amalga oshirish uchun Uzcard kartasi ma’lumotlarini kiritish yoki Payme yordamida ro‘yxatdan o‘tish lozim.

To‘lovlar xavfsizligi ham Payme, ham Telegram tomonidan ta’minlanadi. «Kartani botga bog‘lashda sozlamalardagi ikki omilli himoya funksiyasi albatta yoqilishi zarur», — deya qayd etdi Payme asoschisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur funksiya foydalanuvchining mablag‘larini hattoki Telegram’da ro‘yxatdan o‘tgan raqam egasi uni o‘zgartirsa yoki shunchaki boshqa mobil uskunasidan foydalansa ham himoyalaydi. Bunday hollarda saqlab qo‘yilgan ma’lumotlardan foydalanish uchun kalit so‘zni kiritish kerak.

Mazkur sistema Telegram foydalanuvchi, bot egasi va mazkur bot foydalanayotgan to‘lov tizimi o‘rtasida vositachi vazifasini bajaradi. «Siz kiritgan to‘lov haqidagi barcha ma’lumotlar bevosita to‘lov tizimiga yuboriladi. So‘ngra tizim to‘lovingizni ko‘rsa va tasdiqlasa, aloqa ma’lumotlarini buyurtmani rasmiylashtirish uchun botga jo‘natadi», — deyiladi Telegram xabarida.

Telegram foydalanuvchi ma’lumotlarini o‘zida saqlamaydi va qayta ishlamaydi. Shikoyatlar va mablag‘larni qaytarish masalalarini mustaqil ravishda hal etish lozim: bot egasi, to‘lov tizimi yoki bank orqali. Telegram vaziyatni nazorat qilib, firibgarlik yoki tovlamachilik bilan shug‘ullanuvchi botlarni bloklash bilan shug‘ullanadi.