O‘zbekistonlik paralimpiyachi Aleksandr Svechnikov 12−22 may kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Islom birdamlik o‘yinlarida F13 sinfida (ko‘rishda muammosi bor sportchilar) nayza uloqtirish bo‘yicha yangi jahon rekordini o‘rnatdi.

Yengil atletikachi nayzani 70 m masofaga uloqtirgan holda oltin medalni qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, Aleksandr Svechnikov o‘zining 19 yoshini nishonlagan juma kunida rekord natija qayd etdi.

Video

Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan 2016 yilgi Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchi 65,69 m natija bilan musobaqa g‘olibi bo‘lgan edi.

Viktor Zaysev nayza uloqtirish bo‘yicha barcha toifalarda amaldagi O‘zbekiston rekordchisi (87,20 m) hisoblanadi. Barcha vaqtlarning jahon rekordi esa chexiyalik nayza uloqtiruvchi Yan Jelazniga (98,49) tegishli.