O‘zbekiston Prezidentining 18 maydagi farmoni bilan «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kirgan gidroelektrstansiyalar, gidrotexnik va gidroenergetika bilan bog‘liq boshqa bo‘linmalar, shuningdek Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining «O‘zsuvenergo» birlashmasiga qarashli bo‘lgan barcha gidroelektrostansiyalarni birlashtiruvchi «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.

Yangi tuzilmani tashkil etishdan maqsad — mamlakatning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish, suv-energetika resurslarini boshqarishning yagona tizimini shakllantirish, elektr energiya ishlab chiqarish tarkibida qayta tiklanadigan gidroenergetika resurslari ulushini izchil oshirish, yangi ekologik toza energiya hosil qiluvchi quvvatlarni tashkil etish, mavjud gidroelektrostansiyalarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, gidroenergetikani rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va shu asosda korxonalar va aholining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘laroq qondirishni ta’minlashdan iborat.

Farmonga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, gidroelektrostansiyalarning umumiy sonidan yiliga o‘rtacha 5,2 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega 28 tasi «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati tizimiga kiradi, yiliga o‘rtacha 1,3 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega 8 ta gidroelektrostansiya esa Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi «O‘zsuvenergo» birlashmasi tasarrufidadir. Bu kabi bo‘linish pirovardida gidroenergetika sohasini texnik boshqarishning zaruriy yaxlitligini ta’minlamaydi.

«O‘zbekgidroenergo» AJga O‘zbekiston Prezidentining 2 maydagi qarori bilan tasdiqlangan 2017−2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha ijro etuvchi va mas’ul organ vazifasi yuklatildi.