Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va boshqa mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar qo‘mitasi tashkil etildi. Yangi mahkama Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Respublika baynalmilal markazi hamda Xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi bazasida tashkil etildi.

«O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturida xabar qilinishicha, davlat rahbarining «Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni jamiyatda barqarorlik, tinchlik va hamjihatlikni ta’minlash, fuqarolar ongida yagona ko‘p millatli katta oilaga mansublik hissini mustahkamlash, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.

Qo‘mitaga jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bag‘rikenglikni ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish, dunyo hamjamiyati bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlash kabi vazifalar yuklatildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ziyod millat va elatlar istiqomat qilmoqda. Mamlakatda 138 ta milliy madaniy markaz va 34 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda.