Taniqli gimnastikachi Oksana Chusovitina Xalqaro gimnastika shon-sharaf zaliga (IGHOF) kiritildi. Uni gimnastikaning rivoji yo‘lida ulkan xizmatlarini qo‘shgan sportchilar safiga kiritish marosimi shanba kuni Oklaxoma-Sitida (AQSH) bo‘lib o‘tgan 21-an’anaviy tadbirda tashkillashtirildi, deb xabar qilindi shon-sharaf zali rasmiy saytida.

O‘zbekistonlik gimnastikachidan tashqari, Xalqaro gimnastika shon-sharaf zalidan yaponiyalik Sun Fudzimoto (Olimpiada-1976 oltin medali sohibi), Aleksey Nemov (4 karra Olimpiya chempioni) va amerikalik Alisiya Sakramone (2008 yilgi O‘yinlar sovrindori) ham o‘rin oldi.

Oksana Chusovitina 1975 yilda Buxoroda tug‘ilgan. U sportdagi faoliyatini 1990 yilda Sobiq Ittifoq termasida boshlagan va hozirga qadar davom ettirib kelmoqda. Oksana Chusovitina 1992 yilgi Barselona olimpiadasida oltin, 2008 yilgi Pekin olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan. Uch karra jahon chempioni, Yevropa va Osiyo o‘yinlari chempioni.

U gimnastika tarixida 7 marotaba (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016) yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yagona sportchi sifatida Ginnesning Rekordlar kitobidan o‘rin olgan.

20 may kuni sportchi yana bir noyob muvaffaqiyatga erishdi — Chusovitina Xalqaro shon-sharaf zaliga kiritilganidan so‘ng sportchi sifatidagi faoliyatini davom ettirgan yagona gimnastikachi hisoblanadi.

1987 yilda tashkil etilgan IGHOF’ning so‘nggi yigirma yillik faoliyati davomida unga jahonning 22 mamlakatidan 91 sportchi kiritilgan.

Video