Uzbek Tigers yarim professional boks klubi Jahon boks seriyasi (WSB) chorak finali javob uchrashuvi doirasida mehmonda Cuba Domadores jamoasidan mag‘lubiyatga uchradi. Shanba kuni Gavanada bo‘lib o‘tgan uchrashuv mezbonlarning 5:0 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi.

52 kg: Yosvani Veytiya vs. Jasurbek Latipov — 3:0 (49/46, 48/47, 49/46)

Osiyo chempioni va ikki karra jahon chempionati sovrindori 25 yoshli Jasurbek Latipov (1−1) hal qiluvchi jangda ikki karra JCH sovrindori, Markaziy Amerika va Karib havzasi o‘yinlari chempioni 25 yoshli Yosvani Veytiya (21−3) bilan bahsga kirishdi. Latipov dastlabki uch raundda mudofaaga asosiy e’tibor qaratgan bo‘lsa, so‘nggi ikki raundda tashabbusni qo‘lga olib, g‘alabaga erishdi, biroq hakamlar hisob-kitobi bo‘yicha kubalik bokschi yakunda g‘olib deb topildi.

64 kg: Lasaro Alvares Estrada vs. Elnur Abduraimov — 3:0 (50/45, 50/45, 49/46)

2015 yilda Osiyo chempionati bronza medali sohibi 22 yoshli Elnur Abduraimov (6−3) yaqindagina OCH oltin medalini ham qo‘lga kiritgan edi. U WSB chorak finalida uch karra jahon chempioni va Olimpiada o‘yinlarining ikki karra bronza medali sohibi Lasaro Alvares Estrada (23−1) bilan bellashdi. Bokschilar 2015 yilgi JCH yarim finalida ham uchrashgan, o‘shanda kubalikning qo‘li baland kelgan edi. Bokschilar zarba almashishdan cho‘chishgani yo‘q, biroq Lasaro muvaffaqiyatliroq harakat qildi va besh raund yakuni bo‘yicha g‘alaba qozondi.

69 kg: Ronel Iglesias vs. Shahram G‘iyosov — 3:0 (48/47, 49/46, 49/46)

23 yoshli Shahram) G‘iyosov (1−3) ikki karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori va jahon chempioni 28 yoshli Ronel Iglesias (19−4) bilan uchrashdi. Olimpiada chorak finalida ular bellashgan, o‘zbekistonlik bokschi ishonchli g‘alabaga erishgan edi. Biroq bu safar raqibiga omad kulib boqdi.

81 kg: Xulio Sesar la Krus vs. Bektemir Meliqo‘ziyev — 3:0 (48/47, 50/45, 49/46)

Nankindagi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, Osiyo chempioni, jahon va OO‘-2016 vitse-chempioni 21 yoshli Bektemir Meliqo‘ziyev (2−2) uch karra jahon chempioni, so‘nggi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi 27 yoshli Xulio Sesar la Krus (20−3)ga qarshi ringga ko‘tarildi.Sportchilar juda ehtiyotkor harakat qilishdi, asosiy e’tiborni aniqlik va reaksiyaga qaratishdi. Kubalik birinchi raundda raqibining xatolaridan foydalangan holda bir oz ustunlikka ega bo‘ldi va o‘zbekistonlik ustidan yakunda ham g‘olib chiqdi.

+91 kg: Xose Larduyet Gomes vs. Bahodir Jalolov — 3:0 (49/45, 50/44, 50/44)

Kechaning so‘nggi jangida 22 yoshli Osiyo chempioni Bahodir Jalolov (1−2) 27 yoshli Xose Larduyet Gomes (6−2) bilan jang olib bordi. Surxondarlik jangni yomon boshlamadi, bir necha marta ajoyib zarbalarni berdi. Biroq kubalik bokschi bellashuvning kechishini o‘zgartira oldi va besh raund yakuni bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.

«O‘zbek yo‘lbarslari» Toshkentda g‘alaba qozonganiga qaramasdan (3:2) ikki uchrashuv yakunlariga ko‘ra (7:3) Cuba Domadores jamoasi musobaqaning yarim finaliga yo‘l oldi.

Uchrashuv videosi