Toshkent shahar hokimining 12 maydagi qarori bilan “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Mirhosil Xolmatov 19 may kuni vazifasidan ozod qilindi.

Kompaniya matbuot xizmatining xabar qilishicha, o‘tgan qisqa vaqt mobaynida boshqaruv raisi v.b. ko‘pgina topshiriqlarni xodimlarning lavozim yo‘riqnomalarida belgilangan vazifalar bo‘yicha emas, balki o‘zining sub’ektiv qarashlaridan kelib chiqib bergan. Shuningdek, o‘tkazilgan yig‘ilishlarda qisqa vaqt (10 kun) ichida yo‘lovchi tashish transporti faoliyatini tubdan o‘zgartirish yuzasidan, jumladan oylik yo‘l chiptalari bo‘yicha qimmatbaho sovrinlar berilishi kabi, yuzaki o‘ylangan, chuqur tahlillarga asoslanmagan holda vazifalar berilgan.

Shu bilan birga, Mirhosil Xolmatov tomonidan “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mohir Valiyevni egallab turgan vazifasidan ozod etish taklifi rahbariyat tomonidan rad etildi.