19 may kuni Turkmanistonga amaliy tashrif bilan borgan Prezident Shavkat Mirziyoyev «Avaza» milliy sayyohlik zonasida hordiq chiqarayotgan o‘zbekistonlik bolalar bilan uchrashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Joriy yilning may oyi boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqotida Turkmaniston Prezidenti Kaspiy sohilidagi bolalar sog‘lomlashtirish markazlari o‘zbekistonlik bolalarni qabul qilishga tayyorligini bildirgan edi.

Ushbu taklifga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridan 100 nafar bola «Dayanch» bolalar sog‘lomlashtirish markaziga yuborildi.

Shavkat Mirziyoyev bolalar bilan dam olish taassurotlari, turkmanistonlik tengdoshlari bilan do‘stlik munosabatlari to‘g‘risida suhbatlashdi, sog‘lomlashtirish markazida yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. Bolalarga sovg‘alar berdi.