O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 may kuni amaliy tashrif bilan Turkmanistonga keldi. O‘zbekiston rahbarini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov kutib oldi, deb xabar qildi O‘zA.

Turkmanboshi shahrida o‘tadigan uchrashuv va muzokaralar Prezidentimizning joriy yil 6−7 mart kunlari Turkmanistonga davlat tashrifi doirasida o‘tgan oliy darajadagi muloqotning mantiqiy davomi bo‘lib, ularda mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir dolzarb masalalar muhokama qilinadi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.

Muzokaralar yakunida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan hukumatlararo, idoralararo va boshqa qator hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. Mamlakatlar ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli tijorat shartnoma va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Orol fojiasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlaridan kelgan bir guruh bolalar dam olayotgan «Avaza» milliy sayyohlik zonasiga ham tashrif buyuradi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga mart oyi avvalida rasmiy tashrif bilan borgan edi.