Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudlari tomonidan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida fuqarolarning qabul qilinishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 barobarga ortdi.

Ilgari jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan fuqarolar haftaning muayyan bir kunida qabul qilinishi belgilangan bo‘lsa, hozirda sudlar tomonidan fuqarolarning har kuni qabul qilinishi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudlari tomonidan aholi o‘rtasida, o‘quv muassasalari, korxona, tashkilot va muassasalarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot ishlari, jinoyat va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni sayyor sud majlislarida ko‘rish ham sezilarli darajada oshgan.

Jumladan, shu yilning o‘tgan davrida sudlar tomonidan 587 marta suhbat, ma’ruzalar o‘tkazilgan bo‘lsa, shundan 268 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, 145 tasi maktab, kollej va litseylarda, 174 tasi korxona, tashkilotlarda o‘tkazilgan (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 baravarga ortgan). 578 ta jinoyat va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar sayyor sud majlislarida ko‘rildi (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 baravarga ortgan).

O‘tkazilayotgan suhbat va ma’ruzalarda jinoyatchilik, ma’muriy huquqbuzarlik tushunchalari hamda qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida (50 dan ortiq mavzularda) keng ma’lumotlar berib borilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida fuqarolarning qonunchilik, jinoiy va ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida oz bo‘lsada tushunchaga ega bo‘lishlari, ularning huquqiy bilimlari darajasining ortishiga xizmat qilmoqda.

O‘tkazilayotgan sayyor sud majlislari esa jinoyat va ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishda samarali vosita bo‘lib kelmoqda.

Albatta, o‘tkazilayotgan targ‘ibot ishlari o‘z samarasini berishi shubhasiz. Shu bilan bir qatorda, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxona va tashkilotlar hamda o‘quv muassasalari ham o‘zlarini qiziqtirayotgan mavzular yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va sudlarga takliflar bilan murojaat qilsa, ushbu targ‘ibot ishlarining yanada samarali bo‘lishini ta’minlashi shubhasiz.

Matn: Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi Sud amaliyoti va statistikasi tahlili bo‘limi