O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 may kuni Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatda O‘zbekiston musulmonlari idorasiga asoslangan holda Ramazon oyi 27 mayda kirib kelishi qayd etiladi.

Qarorda muqaddas Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlarini, islom dini arkonlarini e’zozlash, bugungi tinch va osuda hayotning qadriga yetish, odamlarni o‘zaro yaxshilik qilishga, ahil va hamjihat bo‘lib yashashga da’vat qilishga qaratilgan keng ko‘lamli savobli amallar va targ‘ibot ishlarini tashkil etish alohida ta’kidlab o‘tiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga «Nuroniy» jamg‘armasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini joylarda milliy an’ana va qadriyatlar, urf-odatlarga mos va uyg‘un tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi topshirildi.

Ushbu qutlug‘ oyda ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas ziyoratgohlarni obodonlashtirish bo‘yicha olib boriladigan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat qaratiladi.