Juma kuni tunda — 00:45 da Toshkent osmonida uzun izga ega yorqin osmon jismi kuzatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda uning parvozi tasvirlangan surat va videoyozuvlar tarqaldi.

«Gazeta.uz» mazkur hodisa yuzasidan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Astronomiya instituti direktori o‘rinbosari Sobit Ilyosovga murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga osmon jismining qulashi to‘g‘risida xabar mavjud emas.

Institut xodimlari internetdagi videomateriallarni tahlil qilib,bu oddiy meteor hodisa, ya’ni meteor parchalarining yer atmosferasining quyuq qatlamlarida yonishi, deb baholashdi.

Meteor moddasi vazni grammning bir necha mingdan bir ulushidan bir necha grammgachani tashkil etib, yer atmosferasida uning harakat tezligi soniyasiga o‘nlab kilometrni tashkil etadi. Ishqalanish natijasida qizib, parchalar cho‘qqa aylanadi, o‘z yo‘li bo‘ylab maydalangan holda Yerga yetmasdan sochilib ketadi, dedi Sobit Ilyosov.

Ijtimoiy tarmoqlardagi videodan lavha.

Atmosferadan o‘tayotgan meteor tanasi havo atom va molekulalarini ionlab, ularning yorqin nur sochishiga olib keladi. Meteor yorqinligi va rangi meteor parchalari vazni hamda meteor tezligiga bog‘liq. Nur taratish soniyaning bir necha ulushidan 3−5 soniyagacha davom etishi mumkin.

«Toshkentliklar vazni 100 grammdan ortiq bo‘lmagan meteor parvozini kuzatishgan», — dedi Astronomiya instituti direktor o‘rinbosari. Uning qo‘shimcha qilishicha, meteorning paydo bo‘lishi atrof-muhit va radiatsion muhitga ta’sir ko‘rsatmaydi.